Talabnoma

“Ta’lim, fan va innovatsiya” jurnaliga taqdim etiladigan maqola uchun

qo‘yiladigan talablar:

 

Jurnalga yuborilgan maqolalar pedagogika va siyosatshunoslikka oid mavzularda, mazmunan saviyali hamda imlo xatolarisiz bo‘lishi lozim. Xalqaro andozalar talabiga ko‘ra, har bir material tarkibida quyidagi bandlar bo‘lishi talab etiladi:

–   Maqola mavzusi (Title)

Maqola mavzusi 15 so‘zdan oshmagan holda, imkon qadar qisqa va lo‘nda ko‘rinishda shakllantirilgan bo‘lib, maqolaning tadqiqot yo‘nalishini aniq ifoda etishi lozim.

–   Maqola muallifi to‘g‘risida ma’lumot (Author information)

Ushbu qismda muallifning ismi-sharifi (otasining ismi bilan), ish joyi va lavozimi, ilmiy darajasi va unvoni, elektron pochta manzili va muloqot telefonlari kiritiladi.

–   Maqola annotasiyaci (Abstract)

Maqolalarning qisqacha annotasiyasi 10-12 qatordan oshmagan holda, o‘zbek, rus va ingliz tillarida beriladi. Unda tadqiqot muammosi, uning dolzarbligi, tadqiqot muammosini ochib berish uchun qo‘llanilgan metodologiya, tadqiqot natijalari, maqolaning to‘la mazmunidan kelib chiqqan holda muallifning ilmiy va amaliy hissasining qisqacha bayoni yoritiladi.

–   Kalit so‘zlar (Key words)

Kalit so‘zlarning umumiy miqdori 7-10 tadan oshmagan holda maqola mazmuni va maqsadini eng qisqa mazmunda ochib beruvchi atamalar, birikmalardan iborat bo‘lishi hamda har biri asosiy matn tarkibida o‘rtacha 6-8 marta takrorlanishi tavsiya etiladi.

–   Kirish (Introduction)

Kirish qismida asosan tadqiqot muammosi, uning maqsad va vazifalari yoritiladi. Mazkur qism tadqiqot mavzusining tanlanish asosi, uning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini tushuntirib beradi

–   Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili (Literature review)

Adabiyotlar bo‘yicha tahlil asosan sohadagi eng yangi jurnal maqolalari va boshqa turdagi ma’lumot manbalarining qay darajada o‘rganilganligini aks ettirishi lozim. Mavzuga oid adabiyotlar tahlili tadqiq etilayotgan muammo yuzasidan muallifning bilim va tasavvurlarga ega ekanini namoyon etadi.

–   Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology)

Tadqiqot metodologiyasi tadqiqotning eng muhim qismidir. Unda tadqiqot yo‘li va natijaga olib boruvchi ma’lumotlar aks ettirilishi kerak. Tadqiqot metodologiyasi qismining tarkibida tadqiqot falsafasi va yo‘nalishini (deduksion yoki induksion) belgilash, tadqiqot dizayni, ya’ni tadqiqot muammosining yechimiga olib boruvchi bosh rejasini tuzish, tadqiqot uchun zarur axborotni olish yo‘llari va tadqiqot etikasini belgilash, tadqiqot ob’yektining tanlovi (sampling), birlamchi yoki ikkilamchi ma’lumot manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar, tadqiqot strategiyasini (kuzatish, eksperiment, keys-ctadi, savolnoma, etnografik, arxiv tadqiqot va h.k.) aniqlash va muammoning aniq yechimiga olib chiquvchi yo‘li aks ettirilishi kerak.

–   Tahlil va natijalar (Analysis and results)

Tadqiqotning tahlil qismida tadqiqot metodologiyasida avvaldan belgilab olingan tahlil usullari (matematik modellar va boshqalar) orqali yig‘ilgan ma’lumotlarning

tahlili amalga oshiriladi. Bunda faqatgina tahlil usulining natijalari ifoda etiladi; topilgan natijalar bo‘yicha muhokama maqolaning keyingi qismining vazifasi hisoblanadi.

–   Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations)

Bu qismda tadqiqotning maqsad, vazifalarining amalga oshganligi hamda tadqiqot savollarining o‘z javobini topganligi, tadqiqotning asosiy natijalariga va tadqiqotning umumiy jarayoniga umumiy xulosalar, shu bilan birga, takliflar va ayni tadqiqotdan kelib chiqqan holda kelajak tadqiqoti yo‘nalishlari xulosa va takliflari qismining asosini tashkil etishi lozim.

–   Havola (snoska) tartibi (Footnote)

Havola (snoska)lar to‘rtburchak qavs ichiga birinchi maqola oxirida keltirilgan adabiyotlar ro‘yxatida joylashgan adabiyot tartib raqami, undan so‘ng vergul va probel (bir bo‘sh joy) qo‘yib, iqtibos olingan ma’lumotning mazkur adabiyotdagi beti beriladi. Misol uchun, adabiyotlar ro‘yxatidagi 3-adabiyotning 12-betiga ishora qilinsa, [3, 12] ko‘rinishda qayd etiladi.

–   Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati (References)

Ushbu qismda tadqiqotda foydalanilgan barcha adabiyotlarning ro‘yxati avval ilmiy kitob, qo‘llanma, jurnal va dissertasiya, keyin internet saytlari (agar foydalanilgan bo‘lsa):

·     mualliflar ism-sharifi, kitob nomi, nashr manzili, nashriyot nomi, yili, kitobning umumiy beti;

  • mualliflar ism-sharifi, maqola nomi, jurnal nomi, nashri, yili, soni, ma’lumot keltirilgan

Maqola matni shrifti “Times New Roman”da, 14 kirill yoki lotin alfavitida bo‘lib, qatorlar oraliqlari masofasi 1,5 intervalda bo‘lishi lozim. Maqola matni sahifasi standart (chap tomonidan 3sm, o‘ng tomonidan 1,5 sm, yuqori va quyi tomonlaridan 2 smdan joy qoldiriladi) holatda bo‘lishi kerak. Maqolaning maksimal hajmi 10 betdan oshmasligi, minimal hajmi esa 7 betdan kam bo‘lmasligi lozim.

Maqolalar o‘zbek, rus, yoki ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.

O‘zbek tilidagi o‘, g‘, q, h kabi harflar ilmiy maqola matnida gaplar tarkibida to‘liq yozilishi shart. Aks holda, ilmiy maqola tahririyat tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.

Yuborilgan maqolalarning barchasi “Antiplagiat” tizimida tekshiriladi.

 

Jurnal manzili: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Shifonur ko‘chasi, 75-uy.

Jurnal elektron pochta manzili: rmxat@edu.uz. Telegram kanali: https://t.me/esijournal_uz Telegram bot: https://t.me/esijournalbot